Yangiliklar
Markaz xodimlari O‘zbek tili kuniga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdilar
2026-yil 19-oktabr kuni Markaz xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining katta majlislar zalida bo‘lib o‘tgan 21-oktabr — O‘zbek tili kuniga bag‘ishlangan madaniy-adabiy tadbirda ishtirok etdilar.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PQ-308-son qarori ijrosini ta’minlash, davlat tilida ish yuritish madaniyatini yuksaltirish hamda xodimlarning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini kengaytirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir davomida taniqli yozuvchi Bobur Bobomurod 1989-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonunining qabul qilinishi bilan bog‘liq tarixiy jihatlar, uning ijtimoiy va kasbiy hayotdagi ahamiyati, milliy madaniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda xalqning ma’naviy merosini rivojlantirishdagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarning O‘zbekiston davlat tiliga oid bilimlarini sinash va mustahkamlashga qaratilgan onlayn viktorina o‘tkazildi. Viktorina g‘oliblari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Bunday tadbirlarda ishtirok etish davlat tilidan foydalanish madaniyatini yuksaltirish, o‘zbek tilida ish yuritishga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish hamda milliy madaniy qadriyatlarga hurmatni mustahkamlashga xizmat qiladi.






