E’lonlar
Oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutiga qabul e’loni
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazi iqtisodiyot fanlari ixtisosliklari bo‘yicha (08.00.07 — “Moliya, pul muomalasi va kredit” hamda 08.00.13 — “Menejment”) mustaqil izlanuvchilik shaklida (PhD va DSc) oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutiga 3 yil muddatga qabul e’lon qiladi.
Mustaqil izlanuvchilikka talabgorlar Oliy ta’limdan keyingi ta’limni muvofiqlashtirishning yagona elektron tizimi (http://daraja.ilmiy.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tishi, barcha zarur hujjatlarni PDF formatida tayyorlashi hamda ularni belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markaziga 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralgacha taqdim etishi lozim.
Mustaqil izlanuvchilikka (PhD) talabgorlar quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
1) ariza;
2) qisqacha ma’lumotnoma-obyektivka (o‘zbek tilida, 3.5-shakl bo‘yicha);
3) magistr diplomi yoki tegishli mutaxassislik bo‘yicha oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom nusxasi;
4) belgilangan tartibda tasdiqlangan mehnat daftarchasi nusxasi (ishlayotgan talabgorlar uchun);
5) chop etilgan ilmiy ishlar ro‘yxati (3.4-shakl bo‘yicha, imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan), shuningdek ularning nusxalari: ilmiy jurnallarda chop etilgan kamida 1 ta ilmiy maqola va ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar ilmiy ishlar to‘plamlariga kiritilgan kamida 2 ta tezis;
6) ish joyidan tavsifnoma, imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan;
7) pasport yoki ID karta nusxasi;
8) ilmiy rahbarning rozilik xati, imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan.
Mustaqil izlanuvchilikka (DSc) talabgorlar quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
1) ariza;
2) qisqacha ma’lumotnoma-obyektivka (o‘zbek tilida, 3.5-shakl bo‘yicha);
3) magistr diplomi yoki tegishli mutaxassislik bo‘yicha oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom nusxasi;
4) fan nomzodi diplomi, falsafa doktori (PhD) diplomi yoki xorijda olingan va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalar nusxasi;
5) belgilangan tartibda tasdiqlangan mehnat daftarchasi nusxasi (ishlayotgan talabgorlar uchun);
6) chop etilgan ilmiy ishlar ro‘yxati (3.4-shakl bo‘yicha, imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan), shuningdek ularning nusxalari: ilmiy jurnallarda chop etilgan kamida 3 ta ilmiy maqola va ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar ilmiy ishlar to‘plamlariga kiritilgan kamida 2 ta tezis;
7) ish joyidan tavsifnoma, imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan;
8) fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya rejasining kengaytirilgan loyihasi;
9) pasport yoki ID karta nusxasi;
10) mavjud bo‘lsa, ilmiy maslahatchining rozilik xati, imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan.
Mustaqil izlanuvchilikka talabgorlar bilan ixtisoslik bo‘yicha suhbat 2025-yil 17-noyabrdan 28-noyabrgacha o‘tkaziladi.
Manzil: Toshkent shahri, Amir Temur ko‘chasi, 6-uy
Ma’lumot uchun telefonlar: 71-259-21-99, 71-259-21-06
Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazining oliy ta’limdan keyingi ta’lim instituti.
Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilishi haqida e’lon
2025-yil 20-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazi sanoat sektori vakillari ishtirokida “Sanoat va fan: innovatsiyalarni rag‘batlantirish, texnologiyalar transferi va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash yo‘lida institutsional hamkorlik” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini o‘tkazadi. Tadbir Jahon bankining “Strategic and Institutional Modernization of the UzSAMA Research Center towards Enhancing Capabilities and Improving Performance of Research Activity (SAMARA)” loyihasi doirasida o‘tkaziladi.
O‘tkazilish joyi: O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi majlislar zali
Konferensiya boshlanish vaqti: Toshkent vaqti bilan soat 10:00.
Konferensiya tillari: o‘zbek va rus tillari
Ishtirok etish shakli: an’anaviy, sirtdan va masofaviy
Konferensiyaning maqsadi: innovatsion faollikni rag‘batlantirish, texnologiyalar transferini jadallashtirish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash maqsadida ilmiy tashkilotlar, sanoat korxonalari va davlat tuzilmalari o‘rtasida tajriba almashish hamda institutsional hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun samarali platforma shakllantirish.
Konferensiyaning ilmiy yo‘nalishlari:
1. Sanoat korxonalarini transformatsiya qilish, texnologik yangilash va modernizatsiya qilishning innovatsion mexanizmlari.
2. Xususiylashtirish jarayonlari va davlat aktivlarini samarali boshqarish orqali sanoat sektoriga investitsiyalarni jalb qilishning ilmiy asoslari.
3. Raqamlashtirish — fan, institutsional o‘zgarishlar va sanoat rivojlanishini integratsiya qilishning muhim omili.
4. Sanoat korxonalari faoliyati samaradorligini oshirishda barqaror rivojlanish tamoyillari (CSR, ESG, SDG, PRI) modellarini shakllantirish va joriy etishda fanning roli.
Konferensiyada ishtirok etish uchun 2025-yil 20-noyabrgacha konferensiyaning ilmiy yo‘nalishlari bo‘yicha tezisni, tezis fayli ichida ilova qilingan shakldagi ariza bilan birga, o‘zbek yoki rus tilida taqdim etish zarur. Konferensiyada ishtirok etish bepul, tashkiliy badal talab etilmaydi.
Konferensiyada iqtisodchi olimlar, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va talabalar, ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy xodimlari, shuningdek davlat organlari va sanoat korxonalari rahbarlari hamda mutaxassislari ishtirok etishi mumkin. Konferensiyada onlayn ishtirok etishni istagan shaxslarga ulanish havolasi oldindan yuboriladi.
Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi yakunlari bo‘yicha konferensiya materiallari to‘plami chop etiladi. Ekspertlarning ijobiy tavsiyasini olgan mualliflar tezislari konferensiya materiallari to‘plamiga kiritiladi. Konferensiya materiallarining elektron to‘plami PDF shaklida Markaz saytiga (https://research-center.uz) joylashtiriladi va havola konferensiyadan so‘ng mualliflarga yuboriladi. Shuningdek, qabul qilingan har bir tezis https://ilmyanjumanlar.uz platformasiga joylashtiriladi va Google Scholar xalqaro qidiruv tizimida indekslanadi.
Konferensiya maqola/tezislarini rasmiylashtirish talablari:
• tezis konferensiya ilmiy yo‘nalishlariga oid dolzarb mavzularda, ilmiy tahlil va yakunlangan fikrlar, shu jumladan ilmiy-amaliy tavsiyalar asosida, imloviy xatolarsiz taqdim etilishi lozim;
• tezis matni 3 sahifadan oshmasligi kerak;
• matn muharriri — MS Word;
• varaq formati — A4, yo‘nalishi — kitob shaklida, matnning har tomondan maydoni — 20 mm;
• shrift — Times New Roman, 14 pt;
• abzats chekinishi — 1,0 sm, satrlar oralig‘i — bir qator, tekislash — ikki tomondan;
• tezis mazkur axborot xati oxirida keltirilgan namuna asosida rasmiylashtirilishi lozim;
• jadvallar va grafiklar MS Excel formatida, rasmlar va sxemalar MS Word formatida, formulalar MS Equation muharririda bo‘lishi lozim;
• barcha jadval, grafik, rasm va diagrammalar ostida manbalar va izohlar keltirilishi kerak, jadvallardagi ma’lumotlar 12 pt shrift o‘lchamida berilishi mumkin;
• foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati tezis oxirida keltiriladi. Manbalar va foydalanilgan adabiyotlarga havolalar tezis asosiy matni ichida kvadrat qavsda, masalan [1], ko‘rsatiladi va matnda uchrash tartibida joylashtiriladi. Bibliografik ro‘yxat GOST 7.0.100-2018 talablariga muvofiq rasmiylashtirilishi kerak;
• tezis fayli nomida konferensiyaning tegishli ilmiy yo‘nalishi raqami va muallif familiyasi lotin harflarida ko‘rsatilishi lozim, masalan: 1-Saidov.doc. Ariza shakli aynan shu fayl ichida bo‘lishi kerak.
Tezis matni tahrir qilingan va texnik rasmiylashtirish talablariga qat’iy mos bo‘lishi lozim. Talablarga mos kelmagan va kech yuborilgan tezislar qabul qilinmaydi. Muallif tezis mazmuni, matnda foydalanilgan misollar, iqtiboslar va axborotlarning ishonchliligi hamda aniqligi uchun javobgar hisoblanadi. Bir muallifdan faqat bitta yakka tartibdagi tezis qabul qilinadi, qolganlari esa ko‘pi bilan 2 ta hammualliflikda bo‘lishi mumkin.
Tezislar elektron shaklda research@davaktiv.uz elektron pochta manzili orqali yoki Telegram orqali @researchcenterSAMA manziliga qabul qilinadi (Xojiakbar Ikramov, tel.: +998-90-481-92-25).
Konferensiya tashkiliy qo‘mitasi manzili: O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazi, Toshkent shahri, Mirobod tumani, Amir Temur ko‘chasi, 6-uy. Tel.: (99871) 259-21-06.
Muallif/mualliflarning arizasi “Sanoat va fan: innovatsiyalarni rag‘batlantirish, texnologiyalar transferi va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash yo‘lida institutsional hamkorlik” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida ishtirok etish uchun
Tezisni rasmiylashtirish namunasi
TEZIS NOMI
(tezis nomi tezisning yuqori qismida BOSH HARFLAR bilan, qalin shriftda, markazga tekislangan holda yoziladi)
Familiya Ism Otasining ismi
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Annotatsiya. Matn, matn, matn, hajmi 100 so‘zdan oshmagan bitta abzats.
Kalit so‘zlar: matn, matn, matn. Tezis mazmunini ochib beruvchi kamida 4 ta so‘z.
Asosiy matn ….. [1].
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. …..
2. …..
Manfaatdor tashkilotlar diqqatiga!
Davlat raqobat qo‘mitasi Tadqiqotlar markazi aksiyadorlik jamiyatlariga, mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga, shu jumladan ustav fondida davlat ulushi mavjud bo‘lgan jamiyatlarga, shuningdek xususiy korxonalarga shartnoma asosida quyidagi yo‘nalishlarda xizmatlar ko‘rsatadi:
normativ hujjatlar loyihalarini tayyorlash;
tashkilotlarning ichki hujjatlarini tayyorlash;
qisqa, o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish dasturlari hamda konsepsiyalarini ishlab chiqish;
tijorat siri rejimini o‘rnatish va unga rioya etish bo‘yicha hujjatlar paketini ishlab chiqish;
qimmatli qog‘ozlar chiqarilishi emissiya prospektlarini ishlab chiqish;
uslubiy va o‘quv qo‘llanmalarni ishlab chiqish;
korporativ veb-saytlarni ishlab chiqish;
rieltorlik xizmatlari sifatini nazorat qilish bo‘yicha ichki qoidalarni ishlab chiqish;
o‘quv seminarlari va treninglarni tashkil etish hamda o‘tkazish;
Korporativ boshqaruv kodeksiga muvofiq aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash;
aksiyadorlik jamiyatlarining ichki korporativ normativ hujjatlarini ishlab chiqish yoki qayta ishlab chiqish, jumladan ustav, aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi, kuzatuv kengashi, ijroiya organi to‘g‘risidagi nizomlar va boshqalar;
xodimlari tijorat siridan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan korxonalar va tashkilotlar uchun tijorat siri rejimiga rioya etish bo‘yicha hujjatlarni tayyorlash;
korxonalar faoliyatini moliyaviy-iqtisodiy tahlil qilish va monitoring qilish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar, shuningdek investitsiya loyihalarini moliyaviy-iqtisodiy ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.
Markaz respublikaning yirik korxona va tashkilotlari, jumladan OKMK AJ, “Toshkent” Respublika fond birjasi AJ, Respublika universal agrosanoat birjasi AJ, “Navoiyazot” AJ, “O‘zavtosanoat” AK, “O‘zbekenergo” AK, viloyat hokimliklari va boshqa tashkilotlar uchun amaliy xarakterdagi ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish bo‘yicha ijobiy tajribaga ega.
Xususan, Markaz tomonidan quyidagilar tayyorlangan:
2015-yilda “Toshkent” Respublika fond birjasi uchun “Toshkent” Respublika fond birjasida qimmatli qog‘ozlar bilan birja savdolari qoidalari”ning yangi tahriri va birja komissiyalari to‘g‘risidagi nizomlar loyihalari; Respublika universal agrosanoat birjasi uchun “Respublika universal agrosanoat birjasida savdolar qoidalari”ning yangi tahriri va birjaning boshqa ichki hujjatlari loyihalari;
2014-yilda “O‘zavtosanoat” AK uchun investitsiya loyihalarini moliyaviy-iqtisodiy ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar, shuningdek “O‘zavtosanoat” AK korxonalari moliyaviy-iqtisodiy tahlili tizimini takomillashtirish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar;
2012-yilda “O‘zavtosanoat” AK uchun korporativ obligatsiyalar chiqarilishini tashkil etish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar, korporativ obligatsiyalar chiqarish loyihasining asoslanishi va “O‘zavtosanoat” AK hamda uning korxonalari tomonidan obligatsiyalar chiqarilishini rivojlantirish konseptual qoidalari;
2011-yilda “O‘zbekenergo” DAK uchun biznes-rejalarni tuzish va ularning amalga oshirilishini monitoring qilish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar; “O‘zavtosanoat” AK uchun “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi vakillarining sho‘ba va qaram xo‘jalik jamiyatlari korporativ boshqaruv va nazorat organlaridagi vakillari to‘g‘risida nizom loyihasi;
hamda turli mahalliy va xorijiy tashkilotlar uchun boshqa amaliy xarakterdagi ilmiy-tadqiqot ishlari.
