Государственный герб республики Узбекистан

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi

Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish

muammolarini tadqiq etish markazi

Фотография здания Госкомконкуренции

Toshkent shahar,

Amir Temur ko'chasi, 6

(+998 71) 259-21-06

research@davaktiv.uz


  • Markaz haqida
  • Maqsad va vazifalari
  • Tashkiliy tuzilma
  • Markaz xodimlari
  • Ilmiy kengash
  • Hisobotlar
  • Ilmiy mahsulotlar
  • Nashr etilgan ishlar
  • Mualliflik guvohnomalari
  • Amaliyotga joriy etish
  • AJlar uchun axborot
  • Foydali havolalar
  • E’lonlar
  • Vakansiyalar
  • Qayta aloqa
  • Ochiq ma’lumotlar
  • Tenderlar
  • Markaz haqida

    Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazi (keyingi o‘rinlarda — Markaz) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-apreldagi 219-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Markaz dastlab o‘z faoliyatini 1994-yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi huzuridagi Hisoblash markaziga ega ko‘p ukladli iqtisodiyot ilmiy-tadqiqot markazi nomi bilan boshlagan (Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 14-fevraldagi 72-son qarori bilan tashkil etilgan). Keyinchalik 1997–2006-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi huzuridagi Bozor islohotlarini chuqurlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti nomi bilan faoliyat yuritgan (Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 14-yanvardagi 27-son qarori bilan tashkil etilgan), 2006–2017-yillarda — O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi huzuridagi Xususiylashtirish, korporativ boshqaruvni rivojlantirish va qimmatli qog‘ozlar bozori muammolarini tadqiq etish markazi nomi bilan faoliyat olib borgan (Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 9-iyundagi 113-son qarori bilan tashkil etilgan), 2018–2022-yillarda esa — O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Xususiylashtirish, raqobatni rivojlantirish va korporativ boshqaruv muammolarini tadqiq etish markazi nomi bilan faoliyat yuritgan (Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-dekabrdagi 1012-son qarori bilan tashkil etilgan).

    Markaz mamlakatda xususiylashtirishni yanada rivojlantirish, davlat mulkini boshqarish, xo‘jalik jamiyatlarida korporativ boshqaruvni joriy etish, davlat ishtirokidagi iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va bankrotlik tizimini takomillashtirish, qimmatli qog‘ozlar va ko‘chmas mulk bozorlarining faoliyat yuritishi nazariyasi va amaliyoti sohasidagi tadqiqotlar bo‘yicha bazaviy ilmiy muassasa hisoblanadi.

    Markaz O‘zbekiston Respublikasining quyidagi amaldagi qonunlari loyihalarining asosiy ishlab chiquvchisi hisoblanadi:

    • «Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida»gi Qonun (2001-yilda qabul qilingan);
    • «Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida»gi Qonun (2001-yilda qabul qilingan);
    • «Xususiy korxona to‘g‘risida»gi Qonun (2003-yilda qabul qilingan);
    • «Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida»gi Qonun (2008-yilda qabul qilingan);
    • «Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun (2010-yilda qabul qilingan);
    • «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonun (2012-yilda qabul qilingan);
    • «Tijorat siri to‘g‘risida»gi Qonun (2014-yilda qabul qilingan).

    Shuningdek, Markaz tomonidan «Xususiylashtirish to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahriri, «Ipoteka qimmatli qog‘ozlari to‘g‘risida», «Xususiylashtirish fondlari to‘g‘risida», «Tovar birjalari to‘g‘risida», «Ko‘rgazma-yarmarka faoliyati to‘g‘risida», «Sekyuritizatsiya to‘g‘risida», «Davlat unitar korxonalari to‘g‘risida», «O‘zini o‘zi tartibga soluvchi tashkilotlar to‘g‘risida» va boshqa qonunlar konsepsiyalari loyihalari tayyorlangan.

    Bugungi kunga qadar Markaz tomonidan davlat ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan grantlar hisobidan moliyalashtirilgan 29 ta fundamental, amaliy va innovatsion loyiha bajarilgan (batafsil ma’lumot «Loyihalar» ruknida keltirilgan).

    Markaz faoliyat yuritgan davr mobaynida uning ilmiy xodimlari tomonidan mamlakatimiz va xorijdagi nufuzli nashrlarda 800 dan ortiq ilmiy ishlar tayyorlanib, chop etilgan. Jumladan, 18 ta monografiya, 19 ta darslik va o‘quv qo‘llanma, 700 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar nashr qilingan (Markaz xodimlari tomonidan chop etilgan ilmiy maqolalar va monografiyalar ro‘yxati «Nashr qilingan ishlar» ruknida keltirilgan). O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligida Markaz tomonidan ilmiy, metodik va amaliy ishlanmalar bo‘yicha 30 dan ortiq mualliflik guvohnomalari ro‘yxatdan o‘tkazilgan (batafsil ma’lumot «Mualliflik guvohnomalari» ruknida keltirilgan).

    O‘z faoliyati davomida Markaz tomonidan ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida tegishli vazirlik va idoralarga 700 dan ortiq hujjatlar tayyorlanib taqdim etilgan. Ular qatoriga tahliliy va ma’ruza yozuvlari, konsepsiyalar, qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, metodik tavsiyalar, ma’lumotnoma va axborot-tahliliy materiallar kiradi (Markaz tomonidan tayyorlangan eng muhim hujjatlar ro‘yxati «Ilmiy mahsulotlar» ruknida keltirilgan).

    Xo‘jalik shartnomalari asosida Markaz «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ, «Toshkent» Respublika fond birjasi AJ, Respublika universal agrosanoat birjasi AJ, «Navoiyazot» AJ, Respublika ko‘chmas mulk birjasi AJ, «O‘zavtosanoat» AK, «O‘zbekenergo» AK, «Kvarts» AJ, «Elektrtarmoqqurilish» AJ, viloyat hokimliklari hamda boshqa tashkilot va korxonalar uchun amaliy ahamiyatga ega hujjatlarni ishlab chiqqan.

    Markaz Jahon banki (WB), Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC), YXHT, Myunxendagi Sharqiy Yevropa instituti, Belarus ilmiy-texnik sohasini tizimli tahlil qilish va axborot ta’minoti instituti hamda boshqa xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muayyan tajribaga ega.

    Kelgusida Markaz o‘z faoliyatini korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, xususiylashtirish jarayonlarini rivojlantirish va monitoring qilish, davlat aktivlarini boshqarish samaradorligini oshirish, qimmatli qog‘ozlar va ko‘chmas mulk bozorlarini rivojlantirish, iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish mexanizmlari va bankrotlik tartib-taomillarini takomillashtirish, baholash va rieltorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish tizimini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish bilan bog‘laydi.

    So'nggi yangilash