Yangiliklar
Tadqiqotlar markazi SDSN xalqaro barqaror rivojlanish tarmog‘iga a’zo bo‘ldi
Tadqiqotlar markazi Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh kotibi shafeligida faoliyat yurituvchi Xalqaro barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘iga (Sustainable Development Solutions Network - SDSN) a’zo bo‘ldi. Markaz a’zoligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar SDSN veb-saytida O‘zbekiston milliy tarmog‘i - SDSN Uzbekistan bo‘limida rasman e’lon qilingan.
Sustainable Development Solutions Network (SDSN) — xalqaro ilmiy-ekspert tarmog‘i bo‘lib, u BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun va taniqli iqtisodchi, professor Jeffri Saks (Jeffrey Sachs) tashabbusi bilan 2012-yilda tashkil etilgan. SDSN faoliyati barqaror rivojlanish sohasida ilmiy asoslangan yechimlarni ishlab chiqish, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishga ko‘maklashish va iqlim bo‘yicha Parij bitimini amalga oshirish uchun dunyoning yetakchi tashkilotlarining ilmiy, ta’lim va ekspert salohiyatini birlashtirishga qaratilgan. Bugungi kunda SDSN 60 ta milliy va mintaqaviy tarmoq doirasida 2200 dan ortiq ilmiy, ta’lim va boshqa tashkilotlarni birlashtirib, ilmiy hamkorlik, bilim almashish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va barqaror rivojlanish sohasidagi amaliy yechimlarni ilgari surish uchun xalqaro platforma vazifasini bajaradi.
2026-yil avgust oyida Makroiqtisodiy va mintaqaviy tadqiqotlar instituti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan muvofiqlashtiriladigan SDSN Uzbekistan milliy tarmog‘i tashkil etilgani rasman e’lon qilindi. Uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari sifatida iqtisodiy transformatsiya va raqamli boshqaruv, inson kapitalini rivojlantirish, iqlim barqarorligi, tabiiy resurslarni oqilona boshqarish, energetikaga o‘tish va infratuzilmani barqaror rivojlantirish belgilangan.
SDSNga a’zo bo‘lish Markaz uchun xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, tadqiqot salohiyatini kengaytirish va barqaror rivojlanish sohasidagi global ilmiy-ekspert hamjamiyatiga qo‘shilish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Xususan, SDSN’ga a’zo bo‘lish Markazga quyidagi imkoniyatlarni beradi:
- SDSNning xalqaro ilmiy-ekspert salohiyatidan ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, milliy va xalqaro miqyosda barqaror rivojlanish sohasidagi ta’lim faoliyatini rivojlantirish hamda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surish uchun foydalanish;
- barqaror rivojlanish sohasida faoliyat yuritayotgan yetakchi xorijiy tadqiqotchilar, ekspertlar va mutaxassislar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish orqali SDSNda ishtirok etuvchi xorijiy universitetlar va tadqiqot markazlari bilan xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish;
- faqat tarmoq a’zolari bo‘lgan tashkilotlar uchun mo‘ljallangan, kasbiy hamkorlikni, bilim va tajriba almashishni, shuningdek, ilmiy va ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishni ta’minlaydigan ixtisoslashtirilgan SDSN platformalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lish;
- SDSNning barqaror rivojlanish bo‘yicha tadqiqot vositalari, tahliliy materiallari va faoliyat natijalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lib, barqaror rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan qo‘shma ilmiy-tadqiqot va ekspert loyihalarida tashabbus ko‘rsatish va ishtirok etish;
- SDSNning ixtisoslashtirilgan xalqaro tadbirlariga, jumladan konferensiyalar, ekspert muhokamalari va tarmoq faoliyati hamda BMTning barqaror rivojlanish sohasidagi jarayonlari bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga kirish imkoniyatiga ega bo‘lish;
- Markazning ilmiy yutuqlari va amaliy natijalarini xalqaro akademik hamjamiyatga taqdim etish orqali ilmiy tadqiqotlar natijalarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish;
- xalqaro tajriba va barqaror rivojlanish tamoyillarini hisobga olgan holda ilmiy asoslangan va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqish, davlat siyosatini takomillashtirishga qaratilgan SDSN xalqaro ilmiy va tahliliy nashrlarini tayyorlashda ishtirok etish.
Markazning SDSN’ga a’zoligi davlat aktivlarini boshqarishni takomillashtirish, davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish, korporativ boshqaruv, ESG (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) tamoyillarini joriy etish va korporativ ijtimoiy mas’uliyat sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishda alohida ahamiyatga ega.
Xalqaro tarmoqda ishtirok etish qiyosiy tadqiqotlar o‘tkazish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish va O‘zbekistonning davlat aktivlarini boshqarish tizimiga barqaror rivojlanish tamoyillarini joriy etish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratadi.
SDSNga a’zo bo‘lish Markazning xalqaro ilmiy hamkorligini mustahkamlash, uning tadqiqot salohiyatini kengaytirish va xalqaro taniqlilikni oshirishda muhim qadamdir. Markaz ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish va O‘zbekiston Respublikasini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning milliy ustuvor yo‘nalishlariga erishishga ko‘maklashish uchun SDSN xalqaro tarmog‘i imkoniyatlaridan faol foydalanish niyatida.
SDSN rasmiy veb-sayti: https://www.unsdsn.org
Markaz a’zoligi haqidagi ma’lumotlar bilan SDSN Uzbekistan sahifasi: https://www.unsdsn.org/our-networks/uzbekistan
