Yangiliklar
HAVO TRANSPORTI SOHASIDAGI DAVLAT AKTIVLARINI XUSUSIYLASHTIRISHNING YANGI YONDASHUVLARI MUHOKAMA QILINDI
2026-yil 30-iyun kuni Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazida Mulkchilik va bozor munosabatlarini rivojlantirishni tahlil qilish hamda modellashtirish ilmiy laboratoriyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Ilmiy-uslubiy asoslarni rivojlantirish va xususiylashtirish jarayonlarini monitoring qilish bo‘limining katta ilmiy xodimi T.A. Qodirov tomonidan 2026-yilning I choragi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga asoslangan «O‘zbekiston havo transporti sohasidagi davlat aktivlarini xususiylashtirishning ustuvor yo‘nalishlari» mavzusida ma’ruza taqdim etildi.
Ilmiy laboratoriya yig‘ilishi davomida aviatsiya tarmog‘i korxonalarini isloh qilish va xususiylashtirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar xususiylashtirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish istiqbollarini muhokama qilib, xususiylashtirish jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, davlatning strategik manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini rivojlantirish hamda aviatsiya xizmatlari sifatini oshirish muhimligini alohida ta’kidladilar.
Muhokama yakunida havo transporti sohasidagi davlat aktivlarini xususiylashtirishda xalqaro tajriba hamda aviatsiya tarmog‘ining milliy rivojlanish xususiyatlarini hisobga olgan holda kompleks yondashuvni qo‘llash maqsadga muvofiqligi qayd etildi.




