Yangiliklar
Oʻzbekiston vakili CIETAC Arbitraj hayʼati tarkibiga kiritildi
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Privatizatsiya va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazi direktori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Igor Leonidovich Butikov Xitoy xalqaro iqtisodiy va savdo arbitraj komissiyasi (CIETAC) Arbitraj hayʼati tarkibiga kiritildi.
Ushbu qaror CIETAC Arbitrlari malakasini tekshirish qoʻmitasi va Raislar kengashi tomonidan qabul qilindi. Ular oʻzbekistonlik olimning professional tajribasi va malakasini yuqori baholadilar. CIETAC arbitrining tegishli sertifikati uning Arbitraj hayʼati tarkibiga kiritilganini rasman tasdiqlaydi.
CIETAC Osiyodagi eng yirik va nufuzli xalqaro arbitraj institutlaridan biri boʻlib, dunyoning oʻnlab mamlakatlari kompaniyalari ishtirokidagi xalqaro savdo, investitsiyalar va tijorat faoliyati sohasidagi nizolarni koʻrib chiqadi. CIETAC Arbitraj hayʼatiga aʼzo boʻlish arbitr professional kompetensiyasining yuqori darajasi tan olinganidan dalolat beradi hamda eng murakkab xalqaro tijorat nizolarini hal qilishda ishtirok etish imkoniyatini taqdim etadi.
I.L. Butikovning CIETAC Arbitraj hayʼati tarkibiga kiritilishi nafaqat mamlakatimiz fani uchun muhim voqea, balki Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro obroʻ-eʼtiborini mustahkamlashga, milliy mutaxassislarning global arbitraj hamjamiyatidagi ishtirokini kengaytirishga va xalqaro huquqiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
