Yangiliklar
"Davlat ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha tadbirkorlik subyektlariga beriladigan imtiyoz va preferensiyalardan foydalanish samaradorligini baholash metodikasi" ishlab chiqildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-dekabrdagi 784-son qarorini amalga oshirish yuzasidan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining buyrug‘ida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida, Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazi tomonidan «Davlat ko‘chmas mulki obyektlari bo‘yicha tadbirkorlik subyektlariga taqdim etilgan imtiyoz va preferensiyalardan foydalanish samaradorligini baholash metodikasi» ishlab chiqildi.
Metodika davlat mulkini ijaraga berish, bepul foydalanishga taqdim etish hamda xususiylashtirish bilan bog‘liq davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari natijalarini monitoring qilish va baholashning yagona mexanizmini yaratishga qaratilgan.
Hujjat imtiyoz va preferensiyalarning iqtisodiy, budjet hamda ijtimoiy samaradorligini obyektiv va o‘lchab bo‘ladigan ko‘rsatkichlar asosida baholash tartibini belgilaydi. Baholash moliyaviy va soliq hisobotlari ma’lumotlari, davlat axborot tizimlari ma’lumotlari hamda tadbirkorlik subyektlari faoliyati natijalari asosida amalga oshiriladi.
Metodikada imtiyoz va preferensiyalarning puldagi ekvivalentini hisoblashning yagona yondashuvlari joriy etilgan bo‘lib, ular xususiylashtirishdagi chegirmalar, ijara to‘lovlari bo‘yicha yengilliklar, davlat mulkidan bepul foydalanish huquqi hamda boshqa qo‘llab-quvvatlash choralarini qamrab oladi.
Metodikaning joriy etilishi davlat mulkidan foydalanishning shaffofligi va samaradorligini oshirish, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralarining natijadorligini xolis baholash hamda davlat aktivlarini boshqarish sohasida qarorlar qabul qilish mexanizmlarini takomillashtirish imkonini beradi.
